Til – millat ko'zgusi, ma'naviyat sarchashmasidir.

06:48 21 Октябрь 2020 10510

Tilni shunchaki “aloqa vositasi” deguvchilar adashadi. U insonning ichki dunyosini koʻrsatadi, olamni idrok qilishiga yordamlashadi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilab beradi. U dunyoni anglashga yoʻl bo’lib, til milliy gʻururdir.

Tilda millat ruhi yashaydi, millat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tilda xuddi ko‘zgudek aks etib turadi. Ulug‘ bobokalonimiz Abdulla Avloniy aytganlaridek: “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 6 ming 909 til mavjud bo‘lib, ulardan atigi 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz – o‘zbek tilining borligi har birimizning qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi.

O‘zbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorij mamlakatlaridan kelib, yurtimizda o‘zbek tilini o‘rganib ketayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Turli mamlakatlardagi o‘quv yurtlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda.

21-oktyabr oʻzbek millati uchun qutlugʻ sana. Bundan 31 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulugʻ orzusiga yetishdi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Ushbu sanaga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil toʻlmoqda. 2019 yilning 4-oktyabr kuni mamlakatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjat ham tarixiy. Negaki, yurtimizda til kunini nishonlash toʻgʻrisida hali biror marta davlat rahbari tomonidan qaror imzolanmagan edi.

Keyingi yillarda davlat tili borasida erishilgan eng kata yutuqlarimizdan yana bir, bu hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilayotganidir.

Til – millat ko‘zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Shu bois ona tilimizni hurmat qilish, uning boy imkoniyatlarini o‘rganish barchamizning asosiy burchimiz bo‘lishi lozim.O‘zbek tilining rivoji, taraqqiyoti, teran tadqiqi va tashviqi borasida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur. Borligimiz, davlatimiz ramzi bo‘lgan bebaho boyligimizga mas’ullik hissi hech birimizni hech qachon tark etmasin.

 

Abdunosir Bobamirzayev

"Hidoya" o'rta maxsus

islom bilim yurti o'qituvchisi